Hugging Face gumanoid robotlar taqdim qildi

Sun’iy intellekt dasturlash platformasi “Hugging Face” o’zining ikki yangi inson ko’rinishidagi (gumanoid) robot – HopeJR va Reachy Mini ni taqdim etdi.

Kompaniyaning  ma’lumotiga ko’ra, ushbu robotlar ochiq manbali (open-source) bo’lib, ular ustida har qanday foydalanuvchi ishlashi, yig’ishi yoki o’zgartirishi mumkin. Bu yondashuv robototexnikani bir nechta yirik kompaniyalarning yopiq tizimlariga bog’lab qo’ymaslik, balki uni keng ommaga ochish maqsadini ko’zlaydi.

HopeJR va Reachy Mini robotlari nimalarni bajara oladi?

HopeJR to’liq o’lchamdagi gumanoid robot bo’lib, 66 ta mustaqil harakat qilish imkoniyatiga ega. U yurishi, qo’l va boshqa tana qismalarini harakatlantirishi mumkin. Kompaniyaga ko’ra, uning taxminiy narxi $3000 atrofida bo’ladi.

Reachy Mini esa stol ustida ishlatish uchun mo’ljallangan kichik robot bo’lib, u boshini harakatlantira oladi, gapiradi va SI ilovalarni sinash uchun ishlatiladi. Narxi esa $250-300 atrofida bo’lishi kutilmoqda.

Muhimi, bu robotlar arzon va ochiq manbalidir. Har kim ularni o’rganishi, o’zgartirishi va foydalanishi mumkin. Robototexnika faqat yirik kompaniyalar bilan chegaralanib qolmasligi kerak, – dedi “Hugging Face” asoschisi va bosh direktori Klem Delangue.

Ma’lumot o’rnida, mazkur robotlarning yaratilishi “Hugging Face” tomonidan 2025-yil aprel oyida sotib olingan Pollen Robotics startapi hisobiga amalga oshgan. Hozircha yangi robotlarning aniq yetkazib berilish sanasi ma’lum emas, ammo ushbu kompaniya yil oxirigacha ilk mahsulotlarini yetkazishni rejalashtirmoqda.

Back To Top