
Google virtual kiyimlarni “sinab ko‘rish” (TRY IT ON) funksiyasini yanada takomillashtirdi. Avval xaridorlar turli modellarda kiyim qanday ko‘rinishini sinagan bo‘lsa, endi kompaniya xaridorning shaxsiy sur’atlari yordamida tanlash imkoniyatini bermoqda.
Yangi funksiya AQShda Search Lab bilan hamkorlikda ishga tushirilmoqda. Tajribada ishtirok etishni xohlasangiz, Google qidiruv natijalarida paydo bo‘ladigan shimlar, ko‘ylaklar, liboslar va yubkalar yonidagi “Try it on” (sinab ko‘rish) tugmasini tanlashingiz kerak bo’ladi.
Shundan so‘ng, kompaniya vertikal tarzdagi surat so‘raydi va ushbu surat asosida tanlagan libosni, aynan sizning tanangizda qanday ko’rinishini bilib olish mumkin. Tayyor bo‘lgan rasmni saqlash va boshqalarga ulashish imkoniyati mavjud.
Googlening ta’kidlashicha, bu funksiya inson tanasi va shakllarini biluvchi, turli matolarning inson tanida qanday turishi va tana qismlariga qay yo’sinda joylashishi kerakligini tushunadigan SI modeli yordamida yaratilgan.
Shuningdek, Google yaqinda Gemini texnologiyasi asosidagi “AI Mode” nomli yangi qidiruv tizminifoydalanuvchilarga taqdim qilgan.
AI Mode qanday ishlaydi?
Agar yangi sayohat sumkasi qidirayotganingizni aytsangiz, AI Mode sizga yordam bera oladi. U foydalanuvchilar uchun shaxsiylashtirilgan suratlar va mahsulotlar panelini ko‘rsatadi. Qidiruvni yanada aniqlashtirish uchun, masalan yozgi mavsumda qaysidir illiq o’lkaga sayohat qilish uchun sumka kerakligini aytsangiz, AI Mode bir vaqtning o‘zida bir nechta qidiruvlarni amalga oshiradi. Shuningdek, yomg‘irli ob-havo uchun mos, suvga chidamli mato va ko‘p cho‘ntaklari bor mahsulotlarni ham topa oladi.
Bundan tashqari, AQSh foydalanuvchilari uchun yaqinda yangi “agentlik” tarzidagi xarid qilish funksiyasi ham ishga tushiriladi. Hozirda mahsulot ro‘yxatida “narxni kuzatish” tugmasini bosib, o‘lcham, rang va xarid qilish uchun belgilangan byudjetni tanlash mumkin. Belgilangan mahsulot chegirmaga tushganida Google avtomatik xabar yuboradi.