
Microsoft kompaniyasi “Aurora” nomli sun’iy intellekt modelini taqdim etdi. Ushbu tizim havo sifati, to’fonlar, dovullar, qum bo’ronlari kabi ob-havo hodisalarini oldindan aniq bashorat qilish imkoniyatiga ega.
“Nature” ilmiy jurnalida chop etilgan maqolaga ko’ra, “Aurora” modeli sun’iy yo’ldoshlar, radarlar, ob-havo stansiyalari va tarixiy prognozlardan olingan 1 million soatdan ortiq ma’lumotlar asosida o’qitilgan. Bu matereologik hodisalarni tez va ishonchli tahlil qilishda an’anaviy tizimlardan ko’ra qo’l kelmoqda.
“Aurora” SI qanday ishlaydi?
“Aurora” ni yaratish uchun katta hajmdagi hisoblash quvvatlari talab etilgan bo’lsa-da, uning ishlashi juda tejamkor. Kompaniyaning ma’lumotlarga ko’ra, an’anaviy superkompyuterlar soatlar davomida ishlaydigan hisob-kitoblarni SI bir necha soniyada amalga oshira oladi.
Microsoft “Aurora” modelining manba kodini va vazn parametrlarini ochiq e’lon qilgan. Bu ilmiy va tadqiqot muassasalariga undan erkin foydalanish imkonini beradi.
Kompaniya ushbu texnologiyani o’zining MSN “Weather” ilovasiga integratsiya qilmoqda. Endilikda foydalanuvchilar soatlik prognozlar, jumladan bulutlar harakati va havo holati haqida ham batafsil ma’lumot olishlari mumkin.
Microsoft’ning ta’kidlashicha, “Aurora” 2023-yilda Filippinga yetib kelgan Doksuri to’fonini 4 kun oldin aniq bashorat qilgan. Shuningdek, 2022-2023-yillar oralig’ida tropik siklonlar yo’nalishini AQSH Milliy to’fon markaziga nisbatan yaxshiroq aniqlagan. 2022-yildagi Iroqdagi qum bo’ronini ham muvaffaqiyatli prognoz qilgan.
Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ob-havo prognozlash tizimlari oxirgi yillarda sezilarli darajada rivojlanmoqda. Masalan, Google’ning DeepMind dasturi oldinroq chiqqan bo’lsa, Microsoft “Aurora” orqali ushbu sohadagi yetakchilikka da’vogarlik qilmoqda.