
Apple Texasdagi qabul qilinishi kutilayotgan yoshni aniqlash qonuniga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Kompaniya rahbari Tim Kuk shaxsan Texas gubernatori Greg Abbott bilan bog’lanib, qonunni imzolamaslik yoki unga o’zgartirish kiritishni so’radi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
Qonun loyihasi SB 2420 deb nomlanib, unga ko’ra Apple, Google yoki boshqa ilovalardan foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi shart bo’ladi. Bu talab har qanday ilova – hatto ob-havo yoki sport yangiliklariga oid dasturlar uchun ham amal qiladi. Boshqacha qilib aytganda, foydalanuvchi ilovani yuklab olishdan oldin shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Biz bolalarning onlayn xavfsizligini ta’minlash tarafdorimiz, ammo SB 2420 qonuni foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti va ma’lumotlarining xavfsizligiga tahdid soladi, – dedi Apple matbuot kotibi Piter Ajemian.
Uning ta’kidlashicha, ushbu qonun kuchga kirishi Texasdagi barcha foydalanuvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yoki boshqa identifaksiya ma’lumotlari yig’ilishiga sabab bo’ladi. Apple esa buni “xavfli” deb hisoblaydi.
Yoshni aniqlash va nazorat qilish borasida texnologiya gigantlari orasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan. Meta (Facebook, Instagram) va Free Speech Coalition kabi tashkilotlar bu mas’uliyatni Apple va Google kabi platformalarga yuklash tarafdori. Ular qurilmalarga majburiy yoshni aniqlovchi tizimlar o’rnatilishini talab qilmoqda.
Apple muammoni yechish uchun federal darajadagi Kids Online Safety Act (KOSA) qonunining qabul qilinishini qo’llab-quvvatlamoqda. Ushbu qonun veb-platformalarni yosh foydalanuvchilarga zarar yetkazmaslik uchun mas’ul bo’ladi.
Google esa Android va YouTubega egalik qiluvchi kompaniya SB 2420 qonuniga ham, Apple qo’llayotgan federal qonun loyihasiga ham qarshi chiqmoqda.
Ushbu qonunni Greg Abbott imzolash yoki rad etish bo’yicha hali rasmiy qaror chiqarmagan. Uning matbuot kotibi bu masala sinchiklab o’rganilayotganini ta’kidlagan. Apple va boshqa kompaniyalar esa gubernatorning yakuniy qarorini kutmoqda. Masala faqat Texasda emas, balki butun AQSHda va global miqyosda ham dolzarbligicha qolmoqda.